Immigratsiyaga bog’liq asosiy tushunchalar

Viza (Visa): AQSh elchixonasi yoki konsulligi tomonidan AQSh xududiga kirishga ruxsat beruvchi hujjat/stiker.
Chet el fuqarosi (Alien): AQSh fuqarosi bo’lmagan kishi.
Rezident (Resident): AQShda qonuniy ravishda qisqa, doimiy yoki shartli ravishda yashashi mumkin bo’lgan kishi.
Grin karta (Green card): Grin kartaning rasmiy nomi Alien Registration Receipt Card bo’lib, xorijiy fuqaroni ro’yxatdan o’tganlik kartochkasi degan ma’noni bildiradi. Grin karta kishiga AQShda doimiy yashash va ishlash huquqini beradi.
Doimiy resident (Permanent resident): AQShda doimiy yashash maqomiga ega bo’lgan kishi. Kundalik hayotda “grin karta egasi” (Green card holder) deb ham ataladi.
Immigrant (Immigrant): AQSh immigratsion qoidalariga ko’ra, immigrant tushuchasi ichiga faqat doimiy resident yoki grin karta egasi kiradi. AQShda doimiy yashashga ruxsati bo’lmagan kishilar noimmigrant (nonimmigrant) deb nomlanadi.
Noimmigrant (Nonimmigrant): AQShga vaqtinchalik kelish uchun ruxsat olgan kishi, ko’pincha turizm, ta’lim olish, biznes yoki tibbiy ko’rikdan o’tish uchun.
Noqonuniy immigrant (Illegal immigrant): AQShda immigratsiya qonun va qoidalarini buzgan holda istiqomat qilayotgan kishi. To’g’riroq atama “hujjatsiz immigrant” yoki “hujjatsiz muhojir.”
Naturalizatsiya (Naturalization): AQSh fuqaroligini olish jarayoni naturalizatsiya deb nomlanadi. Asosiy talablar: 1) Besh yildan kam bo’lmagan muddatda AQShda doimiya yashovchi sifatida istiqomat qilish (ba’zi holatlarda uch yil); 2) Oxirgi besh yil davomida AQSh hududida 30 oydan kam bo’lmagan muddatda istiqomat qilgansiz (ba’zi holatlarda 18 oy); 3) Ariza topshirgunga qadar o’sha shtat hududida uch oydan kam bo’lmagan muddat istiqomat qilgansiz; va 4) Fuqarolik imtihonidan muvaffaqiyatli o’tdingiz.
Sponsor (Petitioner/Sponsor): Oila a’zosini yoki ishchini AQShga keltirish uchun murojaat qilayotgan kishi yoki ish beruvchi tashkilot.
Benefitsiar (Beneficiary): Sponsor tomonidan topshirilgan hujjatlar asosida AQShga immigratsiya qilmoqchi bo’lgan kishi.
Yaqin oila a’zosi (Immediate relative): Yaqin oila a’zolaria quyidagi sinfdagi kishilar kiradi: 1) AQSh fuqarosining turmush o’rtog’i; 2) AQSh fuqarosining turmush qurmagan va 21 yoshga to’lmagan farzandi; 3) AQSh fuqarosining ota-onasi.
Deportatsiya (Deportation): Chet el fuqarosini o’z mamlakatiga chiqarib yuborish. Huquqiy jihatdan aniqroq termin bu chiqarib yuborish (removal).
Chiqarib yuborish (Removal): AQShga kirishga ruxsati yo’q yoki AQSh immigratsiya qonunlarini buzganligi sababli chet el fuqarosini o’z mamlakatiga chiqarib yuborish.