AQShda nafaqaga chiqish

O‘zbekistonliklarning AQShga immigratsiya qilishi 1991 yildan keyin boshlandi. Demak, vatandoshlar orasida hozir nafaqa yoshida bo‘lganlar ko‘p. AQShga keyinchalik immigratsiya qilganlar esa nafaqa haqida hozirdan moliyaviy reja qilishni boshlashlari maqsadga muvofiq.
AQShda nafaqa tizimi qanday ishlashini bilasizmi? Nafaqaga chiqish uchun etarli mablag’ yig’ib qo‘ydingizmi? Qaysi moliyaviy rejalash usullaridan foydalanyapsiz? Mazkur savollarga javob topish uchun moliyaviy maslahatchi (Financial adviser) Jamshid Usanov bilan bog‘landik.
Amerikada ijtimoiy xavfsizlik uchun qaysi davlat muassasasi mas’ul?
Amerikada ijtimoiy xavfsizlik tizimini boshqarish uchun Social Security Administration (SSA), ya’ni Ijtimoiy Xavfsizlik Boshqarmasi, mas’ul. Mazkur boshqarma 1935 yilda Social Security Act orqali tashkil etilgan va shundan beri AQShda nafaqa yoshiga yetgan aholiga ijtimoiy himoyani ta’minlab kelmoqda. Bu tizimga ko‘ra, ishchilar mehnat faoliyatlari davrida to‘lovlar qilish orqali ijtimoiy xavfsizlik tizimiga o‘z hissalarini qo‘shib boradilar va nafaqa yoshiga yetganlarida foydalanish huquqiga ega bo‘ladilar.
Ijtimoiy xavfsizlik tizimi qanday ishlaydi?
Nafaqa to‘lovini olish uchun unga avval hissa qo‘shish zarur. Bu hissa daromad solig‘i va ijtimoiy to‘lovlar orqali qo‘shiladi. Ishlab topilgan daromad asosida kredit (kredit-imtiyozlarga kvalifikatsiya qilish uchun o‘lchov birligi) yig‘iladi. 2017 yilda ishlab topilgan har $1300 bir kreditga teng kelgan (bu raqam har yili o‘zgaradi). Har yili jami 4 (to‘rt) kredit hissangizga qo‘shilishi mumkin. Bu kreditlar ishlashni to‘xtatsangiz ham yoki ish almashtirsangiz ham tizimda saqlanib qolinadi.
Minimal ijtimoiy imtiyozlarga erishish uchun kamida 40 kreditga ega bo‘lish zarur. Misol uchun, siz 40 yoshdasiz va AQShda 7 yildan beri istiqomat qilasiz. Ushbu 7 yilning ilk 2 yilida siz daromad deklaratsiyasini topshirmagansiz va soliq to‘lovlarini amalga oshirmagansiz, qolgan 5 yil davomida esa har yili eng kamida $5200 daromad ko‘rsatib uning soliq to‘lovlarini amalga oshirgansiz. Bu holatda siz yana 5 yil shunday ishlab bersangiz sizning hisobingizdagi kreditlar 40ga etadi va siz nafaqa yoshiga etganingizda AQShdan nafaqa olishingiz mumkin bo‘ladi.
Ijtmoiy imtiyozlardan foydalanish qachon boshlanadi?
Nafaqaga chiqishning eng erta yoshi 62 yoshdan bo‘lsada «to‘liq nafaqa yoshi» 67 hisoblanadi. Agar siz 62 yoshdan nafaqaga chiqishga qaror qilsangiz, 67 yoshdan chiqqanda olishingiz kerak bo‘lgan summaning 70 foizi miqdorida nafaqa olasiz. Masalan, 67 yoshdan nafaqaga chiqsangiz nafaqa to‘lovingiz $1000 bo‘lsa, 62 yoshdan nafaqaga chiqqanda sizning to‘lovingiz $700 tashkil etadi.
«To‘liq nafaqa yoshi» bilan 70 yoshga etish oralig‘idagi har bir yil uchun nafaqa to‘lovi yiliga bir necha foizdan oshadi. Demak 70 yoshga etgach nafaqa olinishi boshlansa, maksimal erishish mumkin nafaqa summasini olish mumkin. 70 yoshdan boshlab nafaqa summasini olmaslik uni yana o‘sishi yoki ko‘payishiga olib kelmaydi.
62 yoshga to‘lgach, ishlab turgan holda nafaqa olish mumkin, lekin bu holatda SSA o‘zining maxsus formulasini qo‘llab, nafaqa summasini kamaytirib to‘laydi.
Agar shaxs vafot etishidan oldin 40 kredit yiqqan bo‘lsa, uning ba’zi oila a’zolari unga tegishli bo‘lgan imtiyozlardan cheklangan darajada foydalanishlari mumkin.
18 yoshga to‘lmagan farzandlar nafaqaning 75 foizi miqdorida, turmush o‘rtog‘i esa 60 yoshga to‘lgach 71. 5 foiz, «to‘liq nafaqa yoshi»ga etgach esa butun 100 foiz nafaqasiga egalik qilishi mumkin.
Ijtimoiy xavfsizlik tizimi yana kimlarni himoya qiladi?
SSA nafaqa yoshiga etganlar bilan birga quyidagilarni ham himoya qiladi:
- nafaqa yoshiga etmay mehnatga layoqatsiz bo‘lib qolganlarni; hamda
- 22 yoshga etmasdan nogiron bo‘lib qolgan kishilarni.
Nafaqaho‘rga belgilangan nafaqa to‘lovlarini oila a’zolari olishi mumkinmi?
Umuman olganda, ha. Nafaqa va ijtimoiy imtiyozlardan foydalanish uchun etarli darajada ishlagan va to‘lovlarni vaqtida amalga oshirib yurgan kishi nafaqaga chiqishi bilan vafot etgan taqdirda, bu kishi uchun belgilangan nafaqa to‘lovlarini uning turmush o‘rtog‘i va farzandlari tomonidan olinishi mumkin.
Nafaqa daromad solig‘iga tortiladimi?
SSAdan oladigan nafaqangiz boshqa qancha daromadlaringiz borligiga qarab soliqqa tortilishi mumkin. Agar nafaqangizni yarmi va qolgan barcha daromadlaringiz jami yiliga $25000dan kam bo‘lsa soliqqa tortilmaydi.
Ijtmoiy imtiyozlar haqida qaerdan ma’lumot olsam bo‘ladi?
Odatda SSA imtiyozlaringiz haqida ma’lumotni har yili jo‘natadi. Siz SSA saytida SSA-7004 (Request for Social Security Statement) formasini to‘ldirish orqali ham bu ma’lumotlarni talab qilsangiz bo‘ladi.
Yuqorida qayd etilgan 40 kredit yig‘ish talabi, sizning 65 yoshga to‘lishingiz bilan Medicare imtiyozlariga ega bo‘lishingiz uchun ham ishlatiladi.
Kelajakda ijtimoiy havfsizlik xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq biron muammoni kuzatish mumkinmi?
Hozirgi kunda 44dan yoshroq bo‘lganlarni biroz havotirga soladigan holat mavjud. AQSh hukumatining ta’kidlashicha SSA imtiyoz va nafaqalarni hozirgi tartib va miqdorda to‘lashi uchun 2035 yilgacha moliyaviy resurslar etadi. Undan keyin SSA imtiyozlari miqdori kamaytirilishi ehtimoli judayam katta. 2010 yildan beri SSAga kirib kelayotgan tushumlardan ko‘ra to‘lanayotga nafaqa va imtiyozlar miqdori ko‘proq bo‘lib kelmoqda.
Siz agar nafaqa yoshiga yaqinlashayotgan bo‘lsangiz va sizga berilishi mumkin bo‘lgan nafaqa va boshqa ijtimoiy imtiyozlar haqida batafsil ma’lumot bilmoqchi bo‘lsangiz, mahalliy ijtimoiy himoya oficiga murojjaat qilishingiz mumkin. Quyidagi link orqali mahalliy ofisni topishingiz mumkin – https://secure.ssa.gov/ICON/main.jsp
* Ushbu maqola umumiy ma’lumot berish uchun tayyorlandi. Huquqiy maslahat hisoblanmaydi.