Amerikada trak haydovchisi bo’lish jarayoni

Amerikada juda ko’p vatandoshimiz haydovchi bo’lib ishlaydi. Ba’zilari Uber yoki Lyft bilan hamkorlik qilyapti. Boshqalari trak (yuk tashish mashinasi) haydovchisi. Ba’zilarining esa shaxsiy yuk tashish biznesi bor. Bobur Hasan ham trak haydash bilan boshladi, ammo tez orada Uz Trans Inc. kompaniyasiga asos solib, uni qariyib 10 yildan beri boshqarib kelmoqda. Bobur asli Qashqadaryoning Shahrisabz shahridan. Hususiy tadbirkor. Logistika, yuk tashish va ko’chmas mulk sohalarida o’z ishini yuritadi. Bobur bilan Amerikada trak haydavchisi bo’lish jarayoni haqida suhbat qildik.
Eng asosiy talablar nima?
Birinchi navbatda siz 21 yoshga to’lgan bo’lishingiz kerak. Yuk mashinasini haydashni niyat qilganingizdan keyin, tegishli qonun-qoidalarni o’rganishingiz kerak. Buning uchun yashayotgan joyingizda joylashgan DMV (Department of Motor Vehicles) bo’limiga bo’rib, “State Commercial Driver’s Manual” kitobini (misol uchun, Virjiniya shtati uchun bu yerda) so’rang. Mazkur qo’llanmada CDL (Commercial Driver License), ya’ni trak haydovchilik guvohnomasini, olish tartibi, yuk mashinasini haydash qoidalari va boshqa muhim ma’lumotlar berilgan. Qo’llanmada yozilgan qoidalarni o’rganishni boshlang.
Yuk mashinasini haydashni mashq qilishni qachon boshlashim mumkin?
Agar sizda yengil mashina haydovchlik guvohnomasi bo’lsa va jiddiy qoidabuzarlik qilmagan bo’lsangiz, qo’llanmadaki ma’lumotlarga asoslangan kompyuterlashtirilgan savollarga javob bergach, CDL Permit olshingiz mumkin. Mazkur ruxsat bilan CDL haydovchisi bilan birga og’ir yuk mashinasini haydashni mashq qilishni boshlashingiz mumkin.
Yana qanday hujjatlar talab qilinadi?
Har bir haydovchi CDL Permit olgandan keyin tibbiy ko’rikdan o’tishi shart. Shundan keyingina oxirgi imtihondan o’tishga ruhsat beriladi. Tibbiy ko’rikdan o’tkazuvchi shifokor Medical Examiner deb ataladi. Medical Examiner yuk mashinasini hayday olishga salomatligingiz yo’l qo’yishini tekshiradi. Bunda ko’zdan tortib qon bosimigacha, yurak faoliyatini va inson tanasi hech qanday og’riqsiz bemalol harkatlana olishi tekshiriladi. Tibbiy ko’rikdan muvaffaqiyatli o’rgan kishiga Medical Examiner’s Certificate nomli hujjat beriladi.
Va oxirgi bosqichda, imtihon topshirish markazlaridan biriga yuk mashinasi va CDL guvohnomasi bor bo’lgan kishi bilan borib, amaliy haydash imtihoni topshirishingiz kerak. Imtihondan muvaffaqiyatli o’tsangiz, sizga CDL haydovchilik guvohnomasi beriladi.
Ingliz tilini bilishim shartmi? Imtihonlar faqat ingliz tilidami?
Ha, ingliz tilini bilishingiz kerak. Hech bo’lmaganda intermediate darajasida, zero hamma imtohonlar ingliz tilida bo’ladi. Ingliz tilida berilgan savollarga tushunarli darajada javob bera olishingiz talab etiladi.
Yo’l harakat qoidalarini ko’p buzganman, bir-necha marta jarima solinganman. Bu qanday ta’sir qiladi?
Agar yo’l qoidalarni ko’p marta buzib, haydovchilik guvohnomasida «pointlar» (buzilgan yo‘l-harakat qoidasining og‘irligiga qarab beriladigan baho) bo’lsa, bu point va jarimalar haydovchi guvohnomasi tarixida 3 yilgacha turadi. 3 yildan keyin esa o’z kuchini yo’qotadi. Agar oxirgi 3 yilda ko’p jarima yoki point olgan bo’lsangiz, ish topish va sug’urta kompanyalari tomonidan haydovchi sifatida qabul qilinishingiz juda qiyin bo’ladi.
Ish beruvchi va sug’urta kompaniyalari yo’l harakati qoidalarini buzmaydigan va haydovchilik tarixida jiddiy qonunbuzarlik bo’lmagan haydovchilarni ma’qul ko’radilar. Ko’p jarimasi bor haydovchilarining avtohalokat ishtrokchisiga aylanish ehtimoli katta bo’lgani bois qimmat narxda sug’urta qiladi.
Maxsus maktabda o’qishim shartmi?
Yuk mashinasini haydashni o’rganish uchun mahsus kursga (Truck Driving School) borish shart emas. CDL Permit’ni olgach, yoningizda kamida 3 yil yuk mashinasini haydash tajribasiga ega bo’gal malakali CDL haydovchisi bilan birgalikda o’rganishingiz mumkin.
Truck Driving School kurslariga borishning o’ziga yarasha afzalliklaribor. Bunday maktablar nafaqat guvohnoma olishda, balki yuk mashinasini mahorat bilan haydashni to’liq o’qitadi va foydali ma’lumotlar beradi. Shuningdek, ish jarayonida kelib chiqadigan muamolar yechimi, tegishli qonun-qoidalir, yo’l-harakati qoidalari ham o’rgatiladi. Truck Driving School 30 kundan 1 yilgacha davom etishi mumkin. Bu borada har bir shtat va maktabning o’z qoidalari bor.
Test sinovi nimadan iborat?
Kop kompaniyalar Federal Motor Carrier Safety Regulation (FMCSR) imtihonidan o’tishni talab qiladi. Mazkur imtihon og’zaki va yozma testdan iborat. Yozma testda federal yo’l qoidalari so’raladi, og’zaki testda esa ko’rish va eshitish qobiliyatni tekshiriladi. Yozma test faqat bir martda topshiriladi, og’izaki test esa har 2 yilda bir marta topshiriladi.
Test sinovlaridan o’tolmasam nima bo’ladi?
Bu borada har bir shtatning o’z qonun-qoidalari bor. Imtihondan o’tolmagan kishi ertasiga ham qaytadan topshirsa bo’ladi. Lekin odatda yangi imtihon topshirish kuni test markazlarining kundalik grafikiga qarab belgilanadi. Ayrim shtatlarda 3 martagacha test topshirish mumkin. Boshqalarida esa ko’p marta topshirishga ruxsat beriladi.
Trak haydash uchun barcha pog’onolardan o’tish tahminan necha pulga tushadi?
Agar Truck Driving School’da ta’lim olishni istasangiz, harajatlaringiz tahminan $2000dan $5000 gacha borishi mumkin. Agar Truck Driving School’da oqimasangiz, harajatlaringiz tahminan $500 atrofida bo’ladi. Lekin bu holda malakali CDL haydovchisi o’z yuk mashinasida o’rgatishi kerak bo’ladi.
Imtihondan o’tish qiyinligini hisobga olganda Truck Driving School’da ta’lim olganingiz ma’qul, chunki u yerda hamma narsa mukammal orgatiladi, yuk mashinasini haydashni mashq qilishga barcha sharoit yaratilgan.
Endi boshlayotgan truck haydovchisining oyligi necha pul?
Oylik maoshning qancya bo’lishi yuk mashinasi haydovchisining malakasi va ishlayotgan kompaniyasida o’rnatilgan maoshga qarab belgilanadi. Shu sababli, har bir kompaniya har hil to’laydi. Ko’pincha, boshlang’ich haydovchilar yiliga o’rta hisobda $30,000 atrofida maosh olishadi.
Kimyoviy moddalar (Ingliz tilida HAZMAT), yoqilgi benzin va havfli moddalar tashuvchi haydovchi koproq maosh topishi mumkin. Umuman olganda, 1-yil o’rtacha $35,000 – $40,000 orasida yillik maosh olish mumkin. 3 yillik tajribaga ega bo’lgan haydovchi esa yiliga tahminan $50,000-$60,000 orasida maosh oladi. 5 yillik tajribaga ega bo’lgan haydovchi esa yiliga $60,000-$70,000 orasida maosh oladi.
Butun jarayon qancha vaqt oladi?
Yuk mashinasini haydashga ruxsat beruvchi guvohnomani olish, mashina haydashni o’rganish va barcha ko’riklardan o’tish jarayoni o’rtacha 1 oydan 4 oygacha vaqt olishi mumkin. Ammo ba’zi Truck Driving School’larda o’qitish jarayoni 1 yilgacha davom etadi. Bundan tashqari, ba’zi shtatlarda CDL Permit olingandan keyin amaliy test topshirish uchun bir qancha vaqt o’tilishi talab etiladi. CDL qo’llanmasini olib o’qiganingizda siz istiqomat qilayotgan shtatda shunga doir qoidalarni bilib olishingiz mumkin.
Yuk mashinasini haydashning ijobiy va salbiy tomonlari nimada?
Ijobiy tomonlaridan biri juda tez ish topish mumkin (tahminan 30-60 kun ichida). Ish topish osonligi va maoshi yaxshi bo’lgani uchun ko’p vatandoshlarimiz shu sohaga qiziqmoqda. Qisqa vaqt mobaynida yaxshi mablag’ topish imkoniyati mavjud. Oliy ma’lumot talab etilmaydi.
Salbiy tomoni shundaki, ko’p vaqt oiladan uzoqda, ya’ni yo’lda o’tadi. Bundan tashqari, tabiiyki, haydovchi avto-halokatga uchrashi ehtimoli mavjud. Ko’incha kuniga 11 soat mashina haydash talab etiladi. Bu esa ba’zi haydovchilarni tez toliqtiradi. Yukni vaqtida yetgazish kerak bo’lsa mashinani yomon ob-havoda ham haydashga majbur bo’lasiz.
Haydovchi sug’urta bilan ta’minlanishi kerakmi?
Yo’lda avto-halokat natijasida vafot etayotgan yurtdoshlarimiz haqida ko’p habar kelib turadi. Bunday holatda ba’zi kompaniyalar haydovchi oilasiga sug’urta puli to’lab berishi mumkin. Haydovchi ishga kirishidan avval, kompaniya shunday holatlar uchun sug’urta bilan ta’minlashini tekshirishi kerak. Ishchilari 5 va undan kam bo’lgan kichik kompaniyalarda sug’urta bilan ta’minlash majburiyati yo’q.
Ba’zi shtatlarda umuman bunday sg’urta talab etilmaydi. Ammo haydovchi yo’lda jarohat olgan taqdirda yoki vafot etsa, ba’zi shtatlarini qonunchiligiga ko’ra, haydovchiga va/yoki uning oila a’zolariga katta miqdorda sug’urta puli to’lanishi kerak. Masalan Missuri shtati shunday shtatlardan biri. Hususan, UZ Trans kompaniyasida agar haydovchi yo’lda jarohat olsa, uning barcha tibbiy muolaja va haydovchining davolanish vaqtida ishsiz o’tkazgan kunlari uchun sug’urta kompaniyasi tomonidan sug’urta puli berililishi kafolatlangan. Shuningdek, agar haydovchi yo’lda avto-halokat natijasida vafot etsa, uning oila a’zolariga katta miqdorda pul to’lashni ta’minlaydigan sug’urtaga ega. Bunday sug’urta Worker’s compensation va Occupational Accident Insurance deb ataladi. Bu sug’urta, hatto o’z yuk mashinasiga ega owner-operator haydovchilar uchun ham kafolatlangan. Bu sug’urtani tibbiy sog’liq sug’urtasi bilan adashtirmaslik kerak. Barcha haydovchilar kompaniyalarga ishga joylashishdan avval, aynan shu sug’urta bor-yo’qligini surishtirishga alohida ahamiyat berishi kerak.
Kuniga necha soat haydashim mumkin?
Haydovchi kuniga 14 soat ishlaydi. Ish vaqti davomida 11soat haydash va qolgan vaqt yuk ortish, yoqilg’i olish, mashina holatini tekshirish va boshqalar uchun sarflanadi. Haydovchi kuni boshlangach, 14 soat o’tgach, to’xtab, 10 soat majburiy dam olishi kerak.
Yakuniy maslahatlar?
Yoshlarga bu ishni vaqtinchalik qarachingizni maslahat beraman. Sababi yetarli miqdorda pul to’plagandan keyin yosh oilali odamlar koproq oilasiga va bolalar tarbiyasiga e’tibor berishi kerak. Chunki ko’pchilik yo’lda bo’lib, bolalar tarbiyasiga vaqt ajrata olmaydi. Yo’lda yurish va haydashdan charchamaydigan, sog’ligi yahshi yurtdoshlarimizga bu ish to’gri kelishi mumkin.