574-386-2815

Call Us Now

 

Amerikada immigrant hayoti: 2019 yil uchun 5 maslahat

Langar Law Firm > Maslahatlar  > Amerikada immigrant hayoti: 2019 yil uchun 5 maslahat

Amerikada immigrant hayoti: 2019 yil uchun 5 maslahat

AQShga kelganimga 12 yil bo’ldi. Bu vaqt mobaynida immigrant va advokat sifatida immigratsiya jarayoni va qiyinchiliklari bilan yaqindan tanishib, immigrantlar dardiga quloq soldim. Hozir o’tgan yilgi ishlarni sarhisob qilib, 2019 yil uchun yangi maqsad va rejalarni qilish vaqti. Shu munosabat bilan quyida e’tiboringizni 2019 yilda foydasi tegishi mumkin bo’lgan 5 masalatga qarataman.  

1.Oilaviy hayotingizni yaxshilang

Advokat bo’lganim sababli vatandoshlar men bilan bog’lanib, oilaviy munosabatlardan kelib chiquvchi huquqiy muammolar haqida maslahat qiladilar. Chet-elda juda ko’p oilalarda er-xotin, ota-ona va farzand o’rtasidagi munosabatlar oson kechmayapti. 2019 yilda qanday bo’lmasin, oiladagi o’zaro munosabatlarni yaxshilashga harakat qiling. Oilada tinchlik bo’lmasa, boshqa hech qaysi ish va/yoki munosabatlarda huzur va baraka bo’lmaydi. Nima bo’lganda ham, oilaviy mojarolar izdan chiqishi, hususan zo’ravonlikka yo’l qo’ymang. Aks holda grin kartangiz bekor qilinishi va sizga qarshi deportatsiya jarayoni boshlanishi mumkin. Bordiyu muammolarni yaxshi tomonga tuzatishning iloji bo’lmasa, unga qonun va odob-ahloq doirasida yakun yasab, shaxsiy hayotingizda yangi sahifa ochishga harakat qiling.

2. Ish va daromadingizni qayta ko’rib chiqing

Hozir bajarayotgan ishingiz, tanlagan kasbingizdan mamnunmisiz? Yillik daromadingiz ortyaptimi? Unday bo’lmasa, yaxshiroq daromad keltiradigan, sizga ma’qulroq, mazmunliroq kasb/ish topish vaqti keldi. Amerikada bu borada imkoniyatlar cheksiz. Kecha bog’chada ishlagan kishi bugun yuk tashish mashinasi haydovchisi (truck driver) bo’lib ishlashni boshlashi oddiy holat. Yoki, butun umri oshxonada oshpaz bo’lib ishlagan kishi bugun IT mutaxassisligi bo’yicha tahsil olib, dasturchi-programist bo’lib ishlashi mumkin. Eng muhimi, yangi imkoniyatlarga ochiq bo’lish, qisqa muddatli qiyinchiliklardan qo’rmaslik va hamisha yangi yutuq, munosibroq/mazmunliroq hayot kechirishga intilish kerak.  

3. Xarajatlaringizga e’tiborli bo’ling

Amerikada pul topish oson, ammo tejash qiyin. Aftidan daromadimiz yomon emas, ammo hammasini xarajat qilib yuboryapmiz. Statistik ma’lumotlarga ko’ra, 35 yoshga to’lmaganlarning jamg’arma hisobida (savings account) o’rtacha $1580, bank hisobida (checking account) esa $1200 bor. Yillik daromadi $70000gacha (oyiga taxminan $5800 degani) bo’lganlarning jamg’arma hisobida $2200, bank hisobida esa atigi $1700 bor. Ko’rib turganingizdak, Amerikada pul tejay olish jiddiy muammo.    

Xo’sh, oylik daromadning qanchasini tejashimiz kerak? 50/30/20 qoidasiga ko’ra, daromadning eng kamida 20% tejash va ko’pi bilan 50% majburiy to’lovlarga sarflanishi kerak (bular oziq-ovqat, uy puli/kirasi, kommunal xizmatlar, sug’urta, va hkz.). Daromad qancha bo’lishidan qat’iy nazar, agar oyiga hech bo’lmasa 20% jamg’armayotgan bo’lsangiz, demak haddan tashqari ko’p xarajat qilayapsiz yoki daromadingiz juda kam.

Shu o’rinda vatandoshlar orasida yangi mashina sotib olish maniyasiga ham to’xtalib o’tish kerak. Mutaxassislarga ko’ra yangi mashina sotib olish katta miqdorda pul yoqotish demakdir (sababini bu yerda tamosha qiling). Yangi mashina o’rniga besh-olti yillik mashina sotib olish to’g’riroq ekanligi aytiladi.       

4. Yangi joyga ko’chib ketishga ikkilanmang

Amerikada imkoniyatlar, ko’pincha, siz istiqomat qilayotgan mahallaga bog’liq. Uy/kira narhlari qimmat bo’lgan mahallalarda, masalan, maktablar, kutubxonalar, sport to’garaklari, va turli tadbirlarning sifati arzonroq joylarga qaraganda ancha yuqori bo’ladi. Shunday ekan, hozir yashab turgan joyingizdan mamnunmisiz? Farzandlaringiz yaxshi ta’lim olishi uchun sharoit va imkoniyatlar bormi? Unday bo’lmasa, boshqa mahallaga yoki shtatga ko’chib ketishga qo’rqmang. Amerika Nyu York shahridan iborat emas. Amerikada ish hamisha topiladi, ammo sifatli ta’lim va farzandlaringiz uchun imkoniyatlar bir joydan ikkinchisiga qattiq farq qilishini unutmang.  

5. Immigrant sifatida huquq va majburiyatlaringizni biling

Immigrant sifatida huquq va majburiyatlaringizni bilmaslik yoki e’tiborsiz bo’lish jiddiy oqibatlarga sabab bo’lishi mumkin. Masalan, politsiya xodimi bilan muomala qilishda huquq va majburiyatlaringizni bilishingiz kerak (ko’chada yoki  mashinangiz to’xtatilganda). Soliq to’lash majburiyat bo’lish bilan birga, tegishli soliq deklaratsiyasini to’g’ri to’ldirish juda muhim. Bu borada har bir xatoning jiddiy immigratsion oqibatlari bor. Masalan, yolg’on ma’lumot ko’rsatish grin kartangiz bekor bo’lishiga, yillik daromad kam ko’rsatilishi esa kelajakda oila a’zolaringizni chaqirishda muammolar tug’dirishi mumkin.

Immigratsiya maqomiga e’tiborsiz bo’lgan vatandoshlar ham juda ko’p. Grin kartani ming azob bilan qo’lga kiritib, keyinchalik e’tiborsizlik sababli maqomini yoqotayotganlar bor. Shu sababli huquqiy masalalarni tashlab qo’ymang. Iloji bo’lsa malakali advokat yollang. Imkoningiz bo’lmasa, o’zingiz ehtiyotkorlik bilan hujjatlarni to’ldirib, tegishli idoraga yuboring.

Menda eng asosiy maslahatlar yuqoridagilardan iborat. Siz, Amerikada istiqomat qilayotgan immigrant sifatida, yana nimalarni taklif qilgan bo’lar edingiz?

No Comments

Leave a Comment

Add A Knowledge Base Question !

You will get a notification email when Knowledgebase answerd/updated!

+ = Verify Human or Spambot ?