Oila a’zolari orqali Grin karta

* Quyida berilgan ma’lumotlar rasmiy huquqiy maslahat o’rnida o’tmaydi. Immigratsiya masalalari bo’yicha savolingiz bo’lsa advokat bilan maslahat qilishni tavsiya qilamiz.
Grin karta olib, qonunan AQShda doimiy ro’yxatda turuvchi (lawful permanent resident) maqomini olishning bir necha yo’llari bor. Shulardan eng keng tarqalgan yo’li bu oila a’zosi orqali grin karta olishdir. Jamiyatda oilaning roli muhimligini hisobga olgan holda, AQSh Kongresi AQSh fuqarolari va unda doimiy yashovchilarning o’zga davlatlardagi oila a’zolari bilan birlashishi uchun sharoit yaratgan.
Oila a’zolarining AQShga doimiy yashash uchun immigratsiya qilishlari yoki grin karta olishlarining ikki asosiy turi mavjud: A) AQSh fuqarosining yaqin oila a’zosi (Immediate relatives of U.S. citizens) va B) Oilaviy afzallik tartibi orqali (Family preference system).
1. AQSh fuqarosining yaqin oila a’zosi (Immediate relatives)
AQSh fuqarosi yaqin oila a’zolari AQShga immigratsiya qilishlari yoki grin karta olishlari uchun murojaat qilishi mumkin. “Yaqin oila a’zolari”ga quyidagi sinfdagi kishilar kiradi: 1) AQSh fuqarosining turmush o’rtog’i; 2) AQSh fuqarosining turmush qurmagan va 21 yoshga to’lmagan farzandi; 3) AQSh fuqarosining ota-onasi.
AQSh fuqarosining yaqin oila a’zolari uchun immigratsion viza yoki grin karta uchun murojaat qilishining eng asosiy ustunligi shundaki, bu jarayonga nisbatan hech qanday son checklovlari (numerical restrictions) belgilanmagan. Shunday bo’lsa ham umumiy jarayon eng kamida olti oy va ko’proq davom etishi mumkin.
2. Oilaviy afzallik tartibi orqali (Family preference system)
AQSh fuqarosining ba’zi oila a’zolari yaqin oila a’zosi hisoblanmagani uchun, oilaviy afzallik tartibi orqali immigratsion viza olishlari mumkin. Shu bilan birga, AQSh fuqarosi bo’lmagan, ammo grin kartasi bor bo’lgan kishi (yani qonunan doimiy ro’yxatda bo’lgan [lawful permanent resident]) ham mazkur tartib orqali oila a’zolari uchun grin kartaga murojaat qilishi mumkin.
AQSh fuqarosi va grin karta egalari quyidagi sinfdagi oila a’zolari uchun grin kartaga murojaat qilishlari mumkin:
- Birinchi afzallik toifasi: AQSh fuqarosining turmush qurmagan va 21 yoshga to’lgan farzandlari;
- Ikkinchi afzallik toifasi: a) Grin karta egasining turmush o’rtog’i va turmush qurmagan va 21 yoshga to’lmagan farzandlari; b) Grin karta egasining turmush qurmagan va 21 yoshga to’lgan farzandlari.
- Uchinchi afzallik toifasi: AQSh fuqarosining turmush qurgan farzandlari;
- To’rtinchi afzallik toifasi: 21 yoshga to’lgan AQSh fuqarosining aka-uka va opa-singillari.
3. Qaysi forma topshirilishi kerak?
Yuqorida muhokama qilingan tartiblardan biri orqali grin karta olish uchun, AQSh fuqarosi yoki AQShda qonuniy ravishda doimiy yashab kelayotgan shaxs I-130 nomli formani (Form I-130, Petition for Alien Relative) to’ldirib, USCISga (Amerika Qo’shma Shtatlari Fuqarolik va Muhojirlik Xizmati) yoki oila a’zosi yashayotgan davlatdagi AQSh elchixonasiga yuborishi kerak.