574-386-2815

Call Us Now

 

Immigratsion formalar: 5 xatoga yo‘l qo‘ymang

Langar Law Firm > Immigratsiya jarayoni  > Immigratsion formalar: 5 xatoga yo‘l qo‘ymang

Immigratsion formalar: 5 xatoga yo‘l qo‘ymang

Immigratsion formalarni advokat yollamasdan o‘zi yoki “viza maslahatchilar” yordamida to‘ldiradiganlar ko‘p. Oxirgi paytlar shu sababdan jiddiy muammolarga yo‘liqayotgan vatandoshlardan juda ko‘p savollar kelayapti. Immigratsion formalarni to‘ldirishda qo‘yilgan xato yoki e’tiborsizlik sababli vatandoshlarning vizalari rad etilyapti yoki topshirilgan hujjatlarni ko‘rib chiqish uzun muddatga kechiktirilyapti. Immigratsiyaga bog‘liq bo‘lgan masala nima bo‘lishidan qat’iy nazar malakali advokat bilan maslahat qilish kerakligi haqida alohida maqola yozaman. Mazkur maqolada esa asosiy e’tiborni immigratsion formalarni to‘ldirishda qo‘yilayotgan asosiy 5 xatoga qaratmoqchiman.

1. Ism-sharifni noto‘g‘ri yozish
Immigratsion formalarni to‘ldirishda ism-sharifni to‘g‘ri yozishga alohida e’tibor berish kerak. Ism-sharifni noto‘g‘ri yozganingiz uchun immigratsiya xodimi sizni firibgarlikda (fraud) yoki yolg‘on ma’lumot berishda (misrepresentation) gumon qilishi mumkin. Bu esa hujjatlaringizni rad etish uchun etarli asos bo‘lib xizmat qiladi. Ilk qarashda zararsiz tuyulsa ham, ism-sharifni noto‘g‘ri yozish o‘ta jiddiy xato hisoblanadi va bugungi kunda eng ko‘p uchrayotgan holatlardan biri.

Bunday xatoga yo‘l qo‘yilganda immigratsiya xodimi qo‘shimcha hujjat talab qilishi mumkin (ko‘pincha “Request for Evidence” deb nomlanadigan hujjat yuboriladi). Ba’zi holatlarda esa, hususan grin karta lotereyasini (6, 7, 8, 9, 10-savollarga berilgan javoblarga e’tibor bering) yutgan kishilarga, viza rad etilishiga asosiy sabab bo‘lmoqda.

2. Yolg‘on ma’lumot berish

Immigratsion formalarda turli ko‘rinishda yolg‘on ma’lumot berish oxir-oqibat viza, doimiy rezident va/yoki AQSh fuqaroligi uchun topshirilgan hujjatlarning rad etilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Hujjat topshirayotganlar ko‘pincha o‘tmishda sodir etgan ma’muriy yoki jinoiy qilmishni berkitishni maqsad qiladilar. Yoki bo‘lmasam, AQShga qaysi viza bilan kirib kelgani haqida ma’lumotni yashiradilar. Bundan tashqari, fuqaroligi bo‘lmagan kishi fuqaroman, deb aytishi ham ko‘p uchraydigan holatlardan biri. Ko‘pincha ishga hujjat topshirayotgan egizaklar yoki bir-biriga juda o‘xshaydigan aka-uka va opa-singillar tomonidan bunday yolg‘on ma’lumot berish ko‘p kuzatilmoqda.

Yolg‘on ma’lumot qanday ko‘rinishda bo‘lishidan qat’iy nazar, bir kun kelib fosh bo‘lishi mumkin. Masalan, Operation Janus deb nomlagan chora-tadbirlar natijasida AQSh fuqaroligini yolg‘on ma’lumotlar asosida olgan kishilar fuqarolikdan chiqarilmoqda. Immigratsiya xizmati 300 mingdan ortiq AQSh fuqaroligini olgan kishilarni qayta tekshiruvdan o‘tkazmoqda.

3. Talab qilingan qo‘shimcha hujjatlarni ilova qilmaslik

Immigratsion formalarning aksariyati qo‘shimcha hujjatlarning (Supporting documentation) asli yoki nusxasi ham topshirilishini talab etadi. Masalan, siz qaysi adresda istiqomat qilayotganingizni ko‘rsatish uchun kommunal to‘lovlarni ko‘rsatuvchi hujjat (ko‘pincha elektr uchun har oy to‘lanadigan to‘lov kvitantsiyasi [electric bill]) yoki nikohni isbotlash uchun nikoh guvohnomasi va boshqa hujjatlar talab etilishi mumkin.

Tegishli immigratsion forma advokat bilan maslahat qilmasdan, murojaat etayotgan kishi yoki “viza maslahat” firmasi orqali to‘ldirilgan taqdirda, talab etilgan qo‘shimcha hujjatlarni ilova qilishda xatolarga yo‘l qo‘yilishining ehtimoli katta. Natijada murojaat rad etilib, barcha hujjatlar qaytadan topshirilishi talab etilishi mumkin. Yoki bo‘lmasa, hujjatlarni ko‘rib chiqish uzun muddatga kechikib ketishi mumkin.

Agar biron hujjatning asl nusxasi topshirilishini talab qilinmasa, hamisha hujjatning kopiyasi yuborilishi kerak. Bordiyu adashib hujjatning asl nusxasini yuborsangiz, keyinchalik uni qaytarib olish qiyin bo‘ladi.

Agar hujjat ingliz tilida bo‘lmasa, uning tarjimasini ham topshirishingiz kerak. Tarjima professional tarjimon tomonidan bajarilgan bo‘lishi shart emas. Tarjima qilgan kishi ingliz tilini bilishi va bilimi va tajribasiga asoslanib aniq tarjima qilgani haqida tilxat yozib bersa kifoya (bunga “Certification” deyiladi). Tarjima qilingan hujjatda sana, tarjima qilgan kishining imzosi va to‘liq ism-sharifi va telefon raqami ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.

4. Talab etilgan joyga imzo qo‘ymaslik

Immigratsion hujjatlarning barchasi murojaat qilayotgan kishi (petitioner) tomonidan imzolangan bo‘lishi kerak. Imzo qo‘ymasdan yuborilgan hujjat, immigratsion forma to‘g‘ri to‘ldirilganligidan qat’iy nazar, qaytarib yuboriladi. Masalaga bu darajada jiddiyat bilan qaralishining asosiy sababi shundaki, siz immigratsion hujjatlarga imzo qo‘yish orqali barcha ma’lumotlar to‘g‘ri ekanligini tasdiqlaysiz. Bu esa keyinchalik siz yolg‘on ma’lumot berganingiz aniqlangan taqdirda sizni javobgarlikka tortishga asos bo‘lib xizmat qiladi.

5. Yuborilgan hujjarlar nusxasini saqlab qo‘ymaslik

AQSh immigratsiya tizimida, boshqa byurokratik tizimlarda ham bo‘lgani kabi, hujjatlarning yoqolish holatlari uchrab turadi. Natijada immigratsion holatingiz bo‘yicha hech qanday siljish bo‘lmaydi, murojaatingizni ko‘rib chiqish kechikadi. Bunday holat yuz berganda zudlik bilan chora ko‘rish uchun siz hujjatlarning nusxalarini saqlab qo‘ygan bo‘lishingiz kerak.

Yakuniy maslahatlar

Viza va immigratsion formalarining to‘g‘ri to‘ldirilishi va yuborilishi (filing) uchun hamisha malakali advokat yollashga harakat qiling. Bunday hujjatlarni to‘ldirish qiyin emasdek tuyulsa ham, amalda huquqiy ta’lim va tajribaga ega bo‘lgan malakali advokat tomonidan tayyorlanishini talab qiladi. Sizga “viza maslahat” joylari nima deb ishontirishga harakat qilmasin, ular hech qachon malakali advokat o‘rnini bosa olmaydi. Bundan tashqari, hujjatlarni topshirishda qo‘yilgan xatolar uchun “viza maslahat” firmalarini javobgarlikka tortib bo‘lmaydi. Advokat xatoga yo‘l qo‘ygan taqdirda esa uni javobgarlikka torish mumkin. Qolaversa, ko‘pincha “viza maslahat” va advokatga to‘lanadigan haq o‘rtasida katta farq bo‘lmaydi.

Bordiyu tavakkal qilib o‘zingiz to‘ldirmoqchi bo‘lsangiz, unda quyidagi holatlarga alohida e’tibor bering:

  • Shoshqaloqlikka yo‘l qo‘ymang: Immigratsion formalarni to‘ldirishda xatolarning aksariyati shoshqaloqlikdan kelib chiqadi. Ism-sharifning noto‘g‘ri yozilishi, barcha savollarga javob bermaslik, formani imzo qo‘ymasdan topshirish kabi xatolar ko‘pincha shoshqaloqlik natijasida yuz beradi.
  • E’tiborsizlikka yo‘l qo‘ymang: Immigratsion formada qanday ma’lumot talab etilayotganini sinchkovlik bilan o‘qing. Qanday ma’lumot so‘ralsa bo‘sh joylarni shunga qarab to‘ldirishingiz kerak. Sizga tegishli bironta savolni javobsiz qoldirmang.
  • “E bo‘laveradi” yondashuvidan voz keching: Immigratsion formalarda so‘ralgan har bir savol bejiz so‘ralmaydi. Har birini sinchkovlik bilan o‘qib, qanday ma’lumot yoki hujjat talab qilinayotgan bo‘lsa barchasini topshirishingiz kerak.

7 Comments

Leave a Comment

Add A Knowledge Base Question !

You will get a notification email when Knowledgebase answerd/updated!

+ = Verify Human or Spambot ?