574-386-2815

Call Us Now

 

Hujjatsiz immigrantlar: Immigratsiya xizmati uyingizga kelganda

Langar Law Firm > Huquqlaringiz  > Hujjatsiz immigrantlar: Immigratsiya xizmati uyingizga kelganda

Hujjatsiz immigrantlar: Immigratsiya xizmati uyingizga kelganda

Quyida berilgan ma’lumotlar rasmiy huquqiy maslahat o’rnida o’tmaydi. Politsiya harakatlari haqida savollaringiz bo’lsa yoki shikoyat qilmoqchi bo’lsangiz, zudlik bilan advokat yollashni tavsiya qilamiz.   

Aholisi 310 millionga yaqin AQSh immigrantlar mamlakatidir. Taxminlarga ko’ra, AQSh hududida bugun 12-15 million hujjatsiz immigrant (undocumented immigrants) yashaydi. Hujjatsiz immigrant bu AQShda qonuniy ravishda istiqomat qilishga hujjati bo’lmagan shaxsdir. Hujjatsiz muhojirlar immigratsiya xizmati xodimlari tomonidan tutilgan taqdirda, o’z vatanlariga deportatsiya (badarg’a) qilinadilar. Masalan, rasmiy raqamlarga ko’ra, 2016 yilda 240 mingdan, 2017 yilda esa 226 mingdan ortiq hujjatsiz immigrant o’z vataniga deportatsiya qilingan.

Immigratsiya xizmatining AQShda hujjatsiz yashab-ishlab yurgan muhojirlarni topish maqsadida amalga oshiradigan faoliyatlardan biri bu reydlardir. Immigratsiya xodimlari reydlarni bevosita uyingizga kelib, ko’cha-ko’yda yoki ish joyingizda amalga oshirishi mumkin.

Vatandoshlarimiz orasida ham AQShda hujjatsiz muhojir sifatida kun kechirayotganlar talaygina. Xo’sh, politsiya yoki immigratsiya xizmati xodimlari ularning uyiga kelganda qanday huquqlari bor?

Immigratsiya xizmati haqida

AQSh Milliy Xavfsizlik Departamentida (US Department of Homeland Security) immigratsiya masalalari bilan ishlaydigan uch asosiy bo’lim bor: 1) Immigratsiya va Bojxona Xizmati (ICE – Immigration and Customs Enforcement); 2) AQSh Fuqarolik va Immigratsiya Xizmati (USCIS – Citizenship and Immigration Services); va 3) Bojxona va Chegara Nazorati (CBP – Customs and Border Patrol). Ushbu uch muassasaga ko’pincha umumlashtirib “Immigratsiya xizmati” (“Immigration services”) deyiladi. Mazkur uch immigratsiya xizmati orasida AQShda hujjatsiz muhojirlarni topish, ularni hibsga olish va deportatsiya qilish ishlari bilan asosan ICE (Immigration and Customs Enforcement – Immigratsiya va Bojxona Xizmati) shug’ullanadi.

Immigratsiya xizmati uyingizga kelganda

Immigratsiya xizmati xodimi yoki politsiya uyingizga kelganda, uyingiz ichkarisiga kirishga ruxsat bermang. Ular bilan gaplashish uchun eshikdan tashqariga chiqing va orqangizdan eshikni yoping. Xodimdan sizni hibsga olishga ruxsati, yani orderi bor-yo’qligini so’rang. AQShda immigratsiya xizmati va boshqa huquq-tartibot xizmati xodimlarining uyingizga kirishiga va hibsga olishga ruxsat beradigan hujjatning nomi “Arrest warrant” deb ataladi. “Arrest warrant” sud tomonidan berilib, unda shaxsning ismi aniq ko’rsatilgan bo’lishi kerak. Immigratsiya xizmati xodimlari “ICE warrant” deb ataladigan hujjat bilan ham kelishlari mumkin. Bu hujjat hujjatsiz immigrantni deportatsiya qilish haqidagi orderdir. “Arrest warrant”dan farqli o’laroq, “ICE warrant” sud tomonidan berilmagani uchun, uyingizga sizning roziligingizsiz kirishga ruxsat bermaydi.

Agar politsiya yoki immigratsiya xizmati xodimining uyingizga kirish uchun orderi bo’lmasa, unga eshigingizni ochmaslikka haqqingiz bor. Agar immigratsiya xizmati xodimi sizga orderim bor deb aytsa, xodimni uyga kiritmasdan oldin orderni to’liq o’qib chiqishga haqqingiz bor. Ko’pincha, immigratsiya xizmati va umuman, huquq-tartibot xizmati xodimlari orderni o’zlari yo eshik tagidan, yo eshikni qiya qilib ochganingizda sizga uzatishadi. Order bilan tanishib chiqayotganingizda, u sud tomonidan berilganiga ishonch hosil qiling. Buning uchun orderda sudya imzosi borligiga diqqat qiling. Shu bilan birga, hibsga olinishi kerak bo’lgan shaxsning ism-sharifi yozilgan bo’lishi kerak. Agar order sud tomonidan berilmagan bo’lsa, masalan yuqorida tilgan olingan “ICE warrant” bo’lsa, unda immigratsiya xizmati xodimini uyingizga kiritish majburiyatingiz yo’q.

Sukut saqlash huquqi

Politsiya yoki immigratsiya xizmati xodimi uyingizga kirgan taqdirda ham, ular beradigan savollarga javob berishga majbur emassiz. Bunday huquqqa AQShda savollarga qarshi sukut saqlash huquqi deyiladi (“the right to remain silent”). Har qanday holatda ham, qayerda tug’ilganingiz, AQShga qanday qilib kirib kelganingiz haqida ma’lumot bermang. Shu bilan birga, o’zingizni AQSh fuqarosi yoki doimiy yashash huquqiga ega bo’lgan shaxs deb ko’rsatish uchun soxta hujjatlarni taqdim etmang. Immigratsiya xizmati xodimi taqdim etgan biror hujjatga, ayniqsa, uning nima haqda ekanligini tushunmay turib, imzo qo’ymang. Immigratsiya xizmati xodimiga, savollarga advokat bilan maslahat qilmasdan turib javob bermasligingizni ayting. Ingliz tilini yaxshi bilmasangiz, “I want to speak to a lawyer” (“Men advokat bilan gaplashishni xohlayman”), deb ayting.

Orderi bo’lmagan taqdirda, politsiya yoki immigratsiya xizmati xodimi bir-nechta savol so’rash uchun sizdan uyingizga kirishga ruxsat so’rashi mumkin. Bunday hollarda immigratsiya xizmati xodimini va umuman, har-qanday huquq-tartibot xodimiga uyingizga kirishga ruxsat bermang.

Yuqorida berilgan ma’lumotlar rasmiy huquqiy maslahat o’rnida o’tmaydi. Politsiya harakatlari haqida savollaringiz bo’lsa yoki shikoyat qilmoqchi bo’lsangiz, zudlik bilan advokat yollashni tavsiya qilamiz. 

No Comments

Leave a Comment

Add A Knowledge Base Question !

You will get a notification email when Knowledgebase answerd/updated!

+ = Verify Human or Spambot ?