574-386-2815

Call Us Now

 

Chet eldagi vatandoshlar bilan hamkorlik kontseptsiyasining asosiy qoidalari

Langar Law Firm > Huquqlaringiz  > Chet eldagi vatandoshlar bilan hamkorlik kontseptsiyasining asosiy qoidalari

Chet eldagi vatandoshlar bilan hamkorlik kontseptsiyasining asosiy qoidalari

Kuni-kecha Prezidentning «Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori (juda sekin yuklanyapti) qabul qilindi. Qarorga Ilova sifatida vatandoshlar bilan hamkorlik qilishning davlat siyosati Kontseptsiyasi ham qabul qilindi. Xo’sh, Kontseptsiyaning asosiy qoidalari nima? Kamchiliklar nimada?

Kontseptsiyaning asosiy bandlari nima haqida?

1. Vatandoshlar tushunchasi: Kontseptsiyada kim vatandosh, deb hisbolanishi aytiladi. Jumladan, quyidagilar vatandoshlar qatoriga kiritiladi: a) chet elda vaqtincha yurgan O’zbekiston fuqarolari; b) xorijga chiqib, chet el fuqaroligini olgan, O’zbekistonga ma’naviy va madaniy nutqai nazardan mansublikni his qilgan shaxslar; c) etnik, til va madaniy-tarixiy nuqtai nazardan o’zini o’zbeklar yoki qoraqalpoqlar sifatida identifikatsiya qilgan hamda O’zbekiston bilan aloqada bo’lish xohishida bo’lgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo’lmagan shaxslar.

2. Huquq va erkinliklar himoyasi: Kontseptsiyada xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan printsiplari va normalari, xorijiy davlat qonunlari va O’zbekistonning xalqaro shartnomalari asosida chet ellardagi vatandoshlarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda yordam ko’rsatish asosiy maqsadlardan biri ekanligi aytiladi. Bu juda yaxshi, zero xorijiy davlatlarga ishlash va yashash uchun chiqib ketayotgan vatandoshlar doimiy tarzda huquqiy himoyaga muhtoj. Buni eng avval Rossiyada mehnat muhojiri sifatida ishlab yurgan vatandoshlar misolida ko’rish mumkin.

3. Iqtisodiy hamkorlik: Kontseptsiyada iqtisodiy hamkorlikka alohida urg’u beriladi. Hususan, moliyaviy-iqtisodiy va intellektual-texnologik salohiyatga ega ishbilarmon doira vakillarini, sarmoyadorlarni, xalqaro moliya institutlari xodimlari va mutaxassis vatandoshlarni jalb qilish, ularga O’zbekistonda faoliyat yuritishlariga sharoit yaratib berish belgilangan.

4. Vatandoshlarni qo’llab-quvvatlash: Kontseptsiyada O’zbekiston rivojlanishiga hissa qo’shmoqchi bo’lgan vatandoshlarga har tomonlama ko’mak ko’rsatilishi, jumladan: a) kirish vizalarini soddalashtirilgan holda rasmiylashtirish; b) davlat tasarrufida bo’sh turgan obektlarni tadbirkorlik, innovatsion, ilmiy-tadqiqot va boshqa dasturlar uchun ajratib berish; c) yuqori malakali vatandoshlarni davlat organlariga rahbarlik lavozimlariga maslahatchi sifatida jalb qilish; d) soddalashtirilgan tartibda O’zbekiston fuqaroligini berish kabi choralar nazarda tutilgan (“Vatandosh pasporti”).

Kamchiliklar nimada?

1. Vatandoshlarga birdek qarash kerak: Kontseptsiyada “vatandoshlar” tushunchasiga tor qaralganini kuzatish mumkin. Jumladan, “etnik, til va madaniy-tarixiy nuqtai nazardan o’zini o’zbeklar yoki qoraqalpoqlar sifatida identifikatsiya qilgan” shaxslar deyiladi. Ammo rus, tojik, tatar, uyg’ur bo’la turib ham o’zini o’zbekistonlik deb bilgan minglab vatandoshlarimiz bor. Shu sababli Kontseptsiyada vatandoshlar tushunchasi alohida etnik belgiga qarab belgilanmasligi to’g’riroq bo’lar edi.

Bundan tashqari, Kontseptsiyada “O’zbekistonning rivojlanishiga hissa qo’shmoqchi bo’lgan vatandoshlarimizga” har tomonlama ko’mak ko’rsatilishi aytiladi. Bu yerda kim hissa qo’shmoqchi ekanligi qanday aniqlanadi? Mazkur qoida davlat siyosatiga tanqidiy yondashgan va/yoki siyosiy oppozitsiya a’zosi bo’lgan va/yoki chet elda siyosiy boshpana olgan vatandoshlarimizga amaliy yordam bermaslik uchun asos bo’lmasligi kerak. Davlat organlari vatandoshlarga, ularning hissa qo’shish niyatidan qat’iy nazar, barchasiga birdek xizmat ko’rsatishi kerak.

2. Fuqaroligi bekor qilingan vatandoshlar: Erkin fikr bildirishi, davlat siyosatini tanqid qilib va/yoki chet elda joylashgan OAV yoki nodavlat tashkilotlarida faoliyat yuritgani uchun fuqarolikdan mahrum qilingan yuzlab vatandoshlar bor. Ularning fuqaroligi amaldagi qonunchilikni qo’pol buzgan holda bekor qilingan. Bu masalada 2016-yilda batafsil yozganman. Amaldagi qonunchilikda fuqarolik shaxs bilan davlatning doimiy siyosiy-huquqiy aloqasini belgilaydi (1-modda, Fuqarolik to’g’risidagi Qonun), deb aytilishiga qaramasdan, chet elda istiqomat qilayotgan yuzlab vatandoshlarning O’zbekiston fuqaroligi qo’pol protsessual xatolar bilan bekor qilingan. Ularning fuqaroligi tiklanishi kerak.

3. Chet elda siyosiy boshpana olganlar: Chet elda siyosiy boshpana olgan vatandoshlarga amaliy ko’mak berish nazarda tutilmagan. AQSh misolida O’zbekiston fuqarolari tomonidan yiliga o’rtacha 180-200 kishi siyosiy boshpana oladi. Hisobni 1991 yildan oladigan bo’lsak, bugungacha minglab kishi xorijiy davlatlarda siyosiy boshpana olgan. Afsuski, bu yo’l bilan chet elda doimiy yashab kelayotgan fuqarolarga yordam berish borasida jiddiy kamchiliklar kuzatilyapti. Hususan, konsulliklar tomonidan siyosiy boshpana olgan vatandoshlarga O’zbekistonga borish borasida ko’mak berilmayapti. Bu esa achinarli holat. To’g’ri, vatandoshlar orasida yolg’on ma’lumot berish orqali siyosiy boshpana olganlar bor. Ammo bu juda kichik guruh. Siyosiy boshpana olganlarning aksariyati jiddiy ta’qib va taz’iqlar oqibatida O’zbekistonni tark etgan, siyosiy boshpanaga murojaat qilgan. Qolaversa, o’tmishda inson huquqlari va qonun ustivorligi borasida jiddiy muammolar bo’lganini Prezident va vazirlar ham qabul qildi.

Xulosa o’rnida

Umuman olganda, Kontseptsiyaning ishlab chiqilishi chet elda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik qilishni yo’lga qo’yish borasida qo’yilgan jiddiy qadam. Ammo Kontseptsiyada sanab o’tilgan maqsadlarni amalga oshirish uchun yuqorida tilga olingan hususlarga e’tibor berilishi kerak.

No Comments

Leave a Comment

Add A Knowledge Base Question !

You will get a notification email when Knowledgebase answerd/updated!

+ = Verify Human or Spambot ?